Markaziy Osiyo hukumatlari o’z xalqlarini global moliyaviy tanglikning ularga ta’siri uncha katta emas, deb ishontirishga urinmoqda.
Mutaxassislar ushbu xulosaga qisman qo’shilib, iqtisodiy ahvol inqirozsiz ham yaxshi emasligini eslatadi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy birdamlik bo’lmasa, taraqqiyot ham bo’lmaydi deya jar solib kelayotgan olimlardan biri, Vashingtonda joylashgan Brukings tadqiqot instituti (The Brookings Institution) ilmiy xodimi Yoxannes Linn (Johannes Linn) global tanazzul asoratlarini asosan uch sohada ko’radi.
“Eksport miqdori va daromadi kamaymoqda. Chetda ishlayotganlar kamroq pul jo’natmoqda. Energiya va suv manbalari ustidan raqobat kuchaygan”.
Yoxannes Linn nazarida Rossiya iqtisodi inqirozda ekan, buning ta’siri Markaziy Osiyo bo’ylab sezilmoqda.
Qozog’iston hamon moliyaviy jihatdan eng baquvvat davlat, deydi u, ammo o’sish to’xtab qolish xavfi bor.
O’zbekiston va Turkmaniston iqtisodiyoti bu yil qanchalik rivojlanishi mavhum. Oddiy xalq hayotida ijobiy o’zgarishlardan darak yo’q, deya kuzatadi Yoxannes Linn.
“Tojikiston va Qirg’izistonda turmush juda qiyinlashgan. Elektr toki yetishmaydi, ishlab chiqarish sur’ati past, xorijda pul topayotgan odamlar ishidan ayrilib, uyiga qaytmoqda. Xalqlar sarosimada”, - deydi olim.
Yoxannes Linn tanazzul davri qancha davom etishini bilmaydi.
“Bu hech kimga ma’lum emas”,- deydi u.
“Ko’p narsa AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va Xitoy qachon o’z iqtisodiy tizimini qayta oyoqqa turg’azishiga bog’liq”.
“Har bir hukumat asosiy diqqatni xalqqa eng zarur mahsulotlarni ta’minlashdan boshlashi kerak. Umumiy hisobot bilan cheklanmay, har bir xonadon suv va elektr toki bilan ta’minlanganmi deb so’rash kerak. Odamlar kunini qanday ko’rayapti? Ish o’rinlarini qanday saqlab qolish mumkin? Qaysi soha mablag’ga muhtoj? Chora-tadbirlar ko’rilayotganida bu savollarni chetlab o’ta olmaysiz”,- deydi tadqiqotchi.
Zaxirada nima bor ekani ham nozik masala. Yoxannes Linn Qozog’iston nisbatan kuchli tayanchga ega deydi.
“Turkmaniston va O’zbekiston ham zaxiraga ega ekanini bilamiz. Bu degani ular inqirozga qarshi biror chora ko’rish imkoniyatiga ega",- deya qayd etadi olim.
"Qirg’iziston va Tojikistonda esa imkoniyatlar cheklangan. Umuman olganda, Markaziy Osiyoda har bir mamlakat xarajatlarini kamaytirishga majbur, chunki davlat daromadi kamaygan va yanada kamayadi”.
Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi va Osiyo Taraqqiyot Banki kabi moliyaviy tashkilotlardan qanday yordam kutilmoqda?
“Uzoq muddatli grantlar… Eng muhim sektorlarga sarmoya kiritish. Maishiy xizmat va energiya ta’minoti, shuningdek byudjetga hissa qo’shish haqida o’ylash kerak",- deydi Yoxannes Linn.
"Markaziy Osiyo yana bir narsani unutmasligi kerak, inqiroz - mintaqa uchun sinov. Iqtisodiy birdamlik - zamon talabi. Birgalashib Rossiya va Xitoy singari yirik qo’shnilarga murojaat qilishi mumkin. Talashish va gina-kudurat vaqti o’tib ketdi. Bugun kuch ahillikda”.
Bugungi moliyaviy qiyinchiliklar chegara tanlamaydi va deyarli hammaning hamyoni bo’sh.
"Endi nima qilamiz degan savolni o’zingizga emas, bir davraga yig’ilib bir-biringizga bersangiz, yechimlar topilishi muqarrar",- deydi iqtisodchi olim.