Amerika tarixida o’chmas iz qoldirgan telejurnalist Edvard Murrov (Edward Murrow) faxr ila “Men - haqiqat elchisiman” der edi.
Murrov 1961-64 yillarda AQSh Axborot Agentligi rahbari bo’lgan. “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” singari radiolar u paytlarda mana shu tashkilot tarkibiga kirgan.
Edvard Murrov nomiga qo’yilgan jurnalistik dastur asosida har yili Amerikaga dunyoning turli burchaklaridan qariyb 150 muxbir va muharrir taklif etiladi. Maqsad - tajriba va fikr almashish, ularni AQSh axborot vositalari bilan tanishtirirish.
Bu yil ushbu programmada qatnashish O’zbekistondan “XXI Asr” gazetasi bosh muharrir o’rinbosari Abduvali Soibnazarovga nasib etdi.
Abduvali Soibnazarov davlat matbuotida siyosiy sharhlari, xalqaro hayot haqidagi maqolalari bilan tanilgan. Sharqshunos; arab tilini biladi; uzoq davr O’zbekiston radiosida ishlab, o’tgan bir necha yildan beri “XXI Asr” gazetasi - Liberal Demokratlar nashrida qalam tebratadi.
Respublika tashqi siyosati, xususan Amerika-O’zbekiston aloqalarini sharhlab keladi. Edvard Murrov dasturi haqida AQSh elchixonasi orqali xabar topdi. “Uch haftalik safar davomida bir umrga tatigulik bilimga ega bo’ldim”, - deydi Abduvali Soibnazarov.
“O’zbekiston ommasi Amerika hayoti va siyosati haqida ko’p ma’lumotga ega emasligini, shaxsan o’zim bu davlat haqida yetarlicha bilmasligimni angladim”,- deydi jurnalist.
O’zbekiston ham ko’plab amerikaliklar uchun noma’lum o’lka ekan deya ajablanadi u.
“Oilalarda bo’lganimizda, ko’cha-kuyda odamlar bilan gaplashganda, ulardan “O’zbekiston haqida qanchalik bilasiz?” deb so’radim. Ular “Bu Rossiyami , Pokistonmi yoki Hindistonda joylashganmi?” degan gaplarni aytishdi”.
Jurnalist nazarida ikki xalq orasida muloqotni kengaytirish kerak. Har bir soha vakillari uchun almashinuv dasturlarini yo’lga qo’yish kerak, deydi u, qishloq xo’jaligi va kichik bizneslardan tortib, tibbiyot, ta’lim, moliya va matbuotgacha. “Siyosiy partiyalar ham chetda qolmasin, ular ham ko’rsin, bilsin”, - deydi u.
Uning yana bir xulosasi shuki, Toshkent va Vashingtonda ikki jamiyatdagi o’zgarish va yangiliklarni yoritadigan muxbirlar yetishmayapti. Axborot oqimi cheklangan. Xalqlar bir-birini tushunishi uchun zarur ma’lumot almasha olishi lozim.
Abduvali Soibnazarov boshqa xorijiy jurnalistlar bilan AQSh davlat idoralarida bo’ldi. Kongressda qonunchilar bilan muloqotlar, yetakchi arboblar va yuqori lavozimli rasmiylar bilan yuzma-yuz savol-javoblar, poytaxt Vashingtondan Tennessi, Oregon shtatlarigacha, Nyu-Yorkka sayohat… Bu xalqning yutuqlari bisyor, lekin dardu-muammolari ham bir dunyo ekan, deydi Abduvali Soibnazarov.
“Afg’oniston masalasini oladigan bo’lsak, Vashington bu nafaqat AQSh xavfsizligi uchun balki Markaziy Osiyo tinchligi uchun ham muhim deyapti. Men oldin boshqa xayolga borgandim, ya’ni AQSh bu yerda o’z strategik manfaatlarini ko’zlab operatsiya o’tkazmoqda, Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasidagi energetik boyliklarga egalik qilish uchun Afg’onistonga yurish boshladi degan fikrda edim. Kongressmenlar bilan uchrashuvlarda va boshqa arboblar, oddiy xalq vakillari bilan suhbatlardan so’ng bu davlat tashqi siyosati, Amerika madaniyati va urf-odatlariga nisbatan munosabatim ancha o’zgardi”.
“Oshkoralik bu jamiyatda tabiiy hol ekan”, - deydi Abduvali Soibnazarov. “Axborot vositalari hukumat va xalq orasidagi ko’prik sifatida ko’rilar ekan”.
“Gubernator bo’ladimi, prezident bo’ladimi yoki hukumatning boshqa a’zolarimi, ularning barchasi matbuotga, u orqali esa xalqqa hisobot berib turadi. Ular jurnalistlardan qochmaydi, kerak bo’lsa, ularning orqasidan quvib bo’lsa ham, matbuotda chiqishga harakat qilar ekan”.
“XXI Asr” gazetasi, ko’plab o’zbekistonliklar nazarida, hukumat chizgan chiziqdan chiqmay, amaldorlarning g’ashiga tegmay, amaldagi siyosatni ko’klarga ko’tarib kelayotgan gazeta. Abduvali Soibnazarov O’zbekistonda matbuot erkin va xalqqa xizmat qiladigan vositaga aylanishi uchun jurnalistlarning o’zi harakat qilmog’i lozim degan fikrda.
“O’zbekistonda matbuotga erkinlik berishga harakat qilinyapti. Ko’p narsa jurnalistlarning o’ziga bog’liq. Ular mas’uliyatni o’z bo’yniga olib, amaldorlardan sug’urib bo’lsa-da, ma’lumot olishga harakat qilmas ekan, biror o’zgarish bo’lmaydi. Prezidentimizning o’zi amaldorlarni matbuotdan uzoqlashmaslikka chaqirmoqda. Lekin amaldorlar hamon axborot olishga to’sqinlik qilmoqda”.
Jurnalistlik, deydi o’zbekistonlik muharrir, Amerikada ham juda og’ir kasb ekan. Bosma matbuot bugun krizisda. Internet asrida gazetachining non topishi qiyin. Asosiy daromadi reklamadan keladi. Reklamachilar esa mahsulotni asosan televideniye va internet orqali sotishni ma’qul ko’rmoqda. Yaqin o’tmishda AQShda yuzlab gazetalar yopilib ketdi. Moliyaviy inqiroz sabab yirik nashrlar xorijdagi byurolarini yopdi, muxbirlarini chaqirib olishga majbur bo’lmoqda. Bu esa o’z navbatida axborot sifati va qamroviga salbiy ta’sir ko’rsatayapti.
Axborot yig’ish va tarqatish qanchalik erkin bo’lmasin, Amerikada jurnalistlar jamoatchilik tomonidan loqaydlikda ayblanadi. Televideniye va radiolar efirni arzimas, yengil xabarlar bilan to’ldiradi. Tashqi siyosat, ichki muhim masalalar chetda qolib ketayapti degan shikoyatlar tez-tez quloqqa chalinadi.
Abduvali Soibnazarov AQShda siyosiy partiyalar o’z gazetalariga ega emasligidan hayron. Targ’ibotni piarlar (PR), ya’ni ommaga ommaviy axborot vositalari orqali yetish yo’llarini biladigan professionallar qiladi. Partiyalar esa platformani mustahkamlash, a’zolari soni va siyosiy qudratini oshirish bilan mashg’ul.
“Amerika tashqi siyosati bo’ladimi yoki soliq masalasi bo’ladimi, Amerika fuqarolari manfaatiga daxldor har bir masalada, ularning nihoyatda faol ekaniga guvoh bo’ldik",- deydi u.
"Har bir partiyaning o’z imidji, o’z g’oyasi bor. Bizda hatto prezidentning o’zi ham ta’kidlaganidek, siyosiy partiyalar mafkurasi orasidagi farqni sezmaysiz, ya’ni ularning g’oyalari bir-biriga nihoyatda yaqin”.
Abduvali Soibnazarov o’z maqola va chiqishlarida O’zbekiston rahbariyati yuritayotgan siyosatni sharhlaydi, lekin uni savolga tutmaydi. Amerikada ko’rgan, o’rganganlarini vatanga qaytib, kasbdoshlari bilan baham ko’rish niyatida. Kutilmagan hollar haqida gapirib bermoqchi.
“Uchrashuvlarda, kim bilan bo’lishidan qat’iy nazar, hech kim bizdan Amerika matbuoti yoki siyosatidagi muammolarni berkitgani yo’q. Amerikaliklar tomonidan hech qanday mafkuraviy bosim o’tkazilgani yo’q. Mana Amerika matbuoti boshqa davlatlarnikiga qaraganda ozod yoki hurfikr, sizning mamlakatingizda ham mana shunday bo’lishi kerak degan bosimlar bo’lgani yo’q. Mana shu tomoni menga juda yoqdi”.
Yana bir hayratlanarli hol, deydi Abduvali Soibnazarov, “biz Amerika siyosatchilari va arboblariga ularning davlati haqida ochiq fikr bildira oldik”.
“Dunyoning 151 davlatidan jurnalist kelgan bo’lsa, AQSh mezbon bo’lishiga va bizning barcha sarf-xarajatlarimizni butunlay ko’targaniga qaramasdan sharq dunyosidan, xususan Fors ko’rfazidan kelgan jurnalistlar, Amerika tashqi siyosatini qattiq tanqid qildi. Bu mamlakat axborot vositalarini noxolislikda aybladi. Qizig’i, amerikaliklar bizni sabr-toqat bilan tingladi, ochiq va qizg’in bahs-munozaralar bo’lib o’tdi”.
Abduvali Soibnazarov Toshkentga qaytib Amerika taassurotlari haqida qator tahliliy maqolalar yozishga bel bog’lagan. AQSh elchixonasiga amaliy takliflari bor.
“Har ikki xalq manfaatini ko’zlovchi ishlar qilish kerak”, - deydi u.