Hamkasbimiz, "Amerika Ovozi"ga bir necha yillar davomida muxbirlik qilgan Alisher Soipov otib o'ldirilganiga ikki yil to'ldi.
Hayot bo’lganida Alisher bugun sizga nafaqat Qirg’iziston balki qo’shni davlatlar aholisini qiynab kelayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar haqida sermazmun reportajlar tadqim etayotgan bo’lardi.
Alisherning hayotiga kim nima uchun nuqta qo’ygani hamon noma’lum. O’shdagi ishxonasi oldida nishonga olingani haqiqat.
Marhum hamkasbimizning otasi Avaz Soipov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, qotillik yuzasidan o’z xulosalarini, adolat va haqiqatdan umidini uzmagan holda o’z dil nolalarini bayon etdi.
Avaz Soipov hali pensiya yoshiga yetmagan, farzandlari rohatini ko’rib, ularning onasiga suyanib, nabiralarining ketidan quvib, hayot lazzatini totib yashash ilinjidagi kamtarin bir inson.
Lekin otaxon har safar “O’g’lim Alisher” deganda yuragingiz zirqiraydi.
“Mening o’g’lim Alisher haqiqat qurboni bo’ldi. 26 yoshida otilib vafot etdi. Alisher universtitetda 1-kursda o’qib yurgan mahaldayoq jurnalist sifatida shakllandi. Ilk maqolalari chiqishni boshladi. O’qishni bitirgan mahalda jurnalist sifatida shakllanib bo’lgan edi",- deydi ota.
"Bu hayotdagi qiyinchilik va og’irliklarni boshdan kechirdi, ko’rdi va tushundi. Nimani tushundi? Insonlar orasidagi muomalani, insonlarning kundan kunga hayotga va bir-biriga befarq bo’lib borayotganini tushundi. Qanday tushuntirsam bo’ladi, bilasizmi, u hayotdagi yomonlikka qarshi turdi. Insonlarning manfaatini ko’zladi, kim bo’lishidan qat’iy nazar. Qarab turmadi befarq. Haqiqatni yoritaman deb shu haqiqat yo’lida halok bo’ldi”.
2007 yilning 24 oktabri kechki payt yuz bergan qotillik dunyo bo’ylab qoralangan, xalqaro axborot vositalarida yoritilgan, Qirg’iziston hukumati jinoyatni izchil tergov qilib, qotilni topishga, adolatni ta’minlashga va’da bergan edi. Ikki yil o’tib, adolatdan darak yo’q.
Tergov ishi boshi berk ko’chada. Shu paytgacha nima aniqlandi? Sud qo’lida qanday ma’lumotlar bor? Xalqaro jurnalistik tashkilotlar va huquq himoyachilari tergov natijalarini oshkor etishni talab qilmoqda.
Qirg’iziston rasmiylari mujmal bayonotlar bilan cheklanadi. Go’yoki Alisher otilgan to’pponchaning egasi ushlangan va muayyan shaxs qotillikda ayblanmoqda.
Avaz Soipov bularning hammasi bir safsata deydi. O’g’lining o’limi siyosiy, buyurilgan va chegaraning ikki tomonidan turib uyushtirilgan jinoyat ekaniga uning ishonchi komil.
“Alisherning qotilligi O’zbekiston maxfiy xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan. Unga yordam bergan tomon esa Qirg’iziston kuch organlari bo’ladi. Ishning yopiq qolayotgani sababi shu. Ikki davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan qotillik. Nega bunday deyapman? Ikki yil davomidagi tergov jarayonlari va boshqa faktlar asosida shu fikrga keldim”.
Ota nazarida Alisherning yonida yurgan ayrim shaxslar aslida o’zbek maxfiy xizmati odamlari bo’lgan. “Hatto o’g’limning otilishiga guvoh bo’lgan shaxs ham”, - deya shubhalanadi Avaz Soipov.
“Menga hech narsa ko’rsatishmadi. Yashirishdi mendan. Men sudda shunday savol qo’ydim: Qani o’ldirilganida uning yonida bo’lgan shaxs, Iqbol Mirsaidov? Nega sud u bilan gaplashmayapti? Nega uni yashirishyapti? U axir Qirg’izistonda, asosiy guvoh shu. Menga rad javobini berishmadi. “Bilmaymiz. Qayerda yurgani ma’lum emas” deyishdi. Uni sudga chaqirishmadi”.
Avaz Soipov Alisherning atrofida yurgan boshqa yana bir necha kishini tilga oladi. Ota fikricha huquq organlari bila turib ularning qilmishlariga ko’z yummoqda. Sabab, deydi u, qotillik baribir qo’shni mamlakat organlariga borib taqaladi. Qirg’iziston, deya da’vo qiladi Avaz Soipov, jinoyat ildizi chuqur ekanini tan olishga, uni fosh etishga ojiz.
Shu yoz Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyevga Alisher Soipov qotilligi ustidan tergov ishi yakunlangan deya hisobot berilgan. Sud muhokamasi boshlangandek edi, lekin sudya dalil-isbot yetarli emas deb qayta tergov boshlashni buyurgan.
Avaz Soipov “Avgust oyidan beri biror harakat bo’lmadi”, deydi.
“Men ikki yil sabr qildim. Vaqt hamma narsani ko’rsatar ekan. Menda bugun hech qanday shak-shubha qolgani yo’q. Alisherning o’limi buyurtma o’lim, siyosiy o’lim. Va O’zbekiston maxsus xizmatlari orqali amalga oshirilgan. Yana ta’kidlab aytaman: O’zbekiston maxsus xizmatlariga bizning kuch organlarimiz, mahalliy organlar ham yordam berishdi”,- deydi Avaz Soipov.
Alisher yosh edi, ammo o’tkir qalami va faolligi bilan o’ziga yarasha dushmanlar orttirib bo’lgan edi, ham Qirg’izistonda, ham qo’shni O’zbekistonda.
Tanqidiy maqolalari faqat “Amerika Ovozi” va boshqa xalqaro vositalarda emas, uning o’zi asos solgan “Siyosat” gazetasida ham chop etilib, chegaraning har ikki tomonida tarqatilar edi. O’zbek davlat matbuotida chiqqan ayrim materiallarda Alisher Soipov bu yurt dushmaniga qiyoslangan edi.
Bu yosh yigit faqat maqola va reportajlari uchun o’ldirilganiga ishonmaydiganlar ham bor. Alisher nomaqbul to’dalarga qo’shilgan, ekstremist ruhdagi odamlarga yaqin edi degan mulohazalar ham o’rtaga tashlangan.
Alisherning otasi bu da’volarga shunday javob beradi:
“Avval shunday fikrlarga ko’nika olmadim. G’azabim keldi. Fikrni aytishdan burun uni isbotlash kerak. Alisher bunday narsalarga aralashgan emas, bunday hatti-harakat ham qilgan emas. Osmondan olib, kimningdir buyrug’i bilan odamlar bunday tuhmatlarni gapirgan deb tushundim. Ularni tuban bir insonlar deb tushundim. Mening o’g’lim haqida yomon gapirgan insonlar o’z homiylarining pulini oqladi, vijdonini sotdi. Vaqti kelib, bunga ishonaman, ular afsus chekadi. Afsus chekkanlari ham bor. Men ota sifatida aytaman: Mening o’g’lim qandaydir bir terrorist guruhlarga qo’shilmagan. Hizbut-Tahrirga taqashdi, go’yoki Tohir Yo’ldosh bilan uchrashgan deyishdi. Bular tuhmat-ku axir! Alisher bunday narsalardan jirkanardi axir. Ulardan yiroq edi u. Alisher Turkiya va Eronga nega bordi? O’sha aldangan, adashgan, yurtidan qochib ketgan, o’zga yurtda xor bo’lib yashayotgan odamlar taqdirini bilgani, ularning hayotini o’rgangani bordi. Nega bu insonlar quvg’inda degan savolga javob qidirdi? Nima bu yomon ishmi? Men undan so’rardim: “Alisher, qanday yashayapti ekan ular?” Alisher ko’zi namlanib gapirar edi, “Dada, hayoti juda og’ir, hech qanday huquqi yo’q, qiyin ahvolda yashashyapti”, - der edi. Alisher odamlar bu dunyoda befarq bo’lmay yaxshi hayot kechirishi kerak der edi”.
Alisher o’ta qiziquvchan jurnalist edi. Biror narsaning tagiga yetish uchun kim bilan bo’lsa-da gaplashishga, unga savol berishga tayyor edi. Undan g’azablangan odamlarga hazil bilan javob berar, haqiqatni tan olsangiz yengil tortasiz deya eslatib qo’yardi.
Alisher 2006 yilda uylangan, o’limidan uch oy oldin qizli bo’lgan edi. Yoshgina ayoli Nazokat beva qoldi.
“Bu hayotda yashar ekanmiz, umid bilan yashaymiz",- deydi jurnalistning otasi.
"Nabiram, Alisherning farzandi, qizi Zulayho ikki yoshga kirdi. Dada deyapti, oppog’doda deyapti. Xudoga shukur, sog’lig’i yaxshi. Aqlli, sezgir, bir narsani darrov ilg’aydi, tiniq fikrlaydi, xotirasi yaxshi – dadasining o’zi bo’layapti”.
Avaz Soipov o’g’lini shaxsan bilgan va bilmaganlarga “bir og’iz so’zim bor” deydi. Qalb so’zlari…
“Ba’zilarga yoqar, ba’zilarga yoqmas, lekin haqiqat haqiqatligicha qolishi kerak. Bu dunyoda befarq bo’lish kerak emas ekan. Bu dunyoda inson bo’lib yashaganda, 100 foiz holda oqni oq, qorani qora deya olmaymiz. Alisher oq oqdek, qora qoradek bo’lishini xohlardi. Mening aytadigan gapim shu ediki, o’g’lim o’ldirilgach, birinchi kunlari Alisherni maqtab, Alisher undoq edi, bundoq edi, u bilan choy ichganmiz deb yurgan odamlar hozir Alisherning nomini tilga olishga qo’rqishyapti. Buning sababi Alisherni o’ldirib davlat qo’rquv hissini soldi. Qo’shnimiz O’zbekistonda ayrim odamlar, mana battar bo’lsin, ajab bo’lsin degan qabilda maqolalar yozishdi. Men ularga ham sabr tilayman. Bola chaqasi bilan tinch bo’lsin",- deydi otaxon.
Alisherning qotilligi qachon fosh etiladi? Haqiqat, adolat qaror topadimi? Uning yaqinlari, do’stlari va hamkasblari qachon biroz bo’lsa-da malham topadi? Murakkab savollar, lekin ularga javob talab qilmasdan iloj yo’q.
"Xudoga shukur el qatori yashayapmiz. Faqat ko'nika olmayapmiz, Alisherni yo'qotganimizga",- deydi jurnalistning otasi.
"Siz to’g’ri tushuning. Bu narsa hech kimning boshiga tushmasin. Men dushmanimga ham ravo ko’rmayman bu holatni. Men Alisher o’lganidan keyin u haqida yomon narsalarni gapirgan odamlarga ham iymon tilayman. Axir bir insonmiz… Ota-bobolarim, buvilarim dunyodan o’tdi. Xudoga shukur, ayam hayot. Bola-chaqam bor. Ko’nikdim. Lekin Alisherning o’limiga ko’nika olmayapman. To’g’ri, Ollohdan sabr tilayapman. Kundan kunga yaramiz kattalashyapti. Bekorga aytmayapman men, dushmanimga ham ravo ko’rmayman buni. Farzandni yo’qotish, farzand dog’i boshqa dog’, boshqa armon bo’lar ekan”,- deydi Avaz Soipov.
Jurnalistning yoshgina joniga qasd qilganlar xavotirga o’ringa yo’q deb o’tirgan bo’lsa ajabmas.
Alisherdan ruhlangan, unga chin inson deb qaragan, u singari fidoiy va haqiqatgo’y odamlarni bilganlar esa yopig’liq qozon shunday qolmasligiga, bir Alisherning ovozini o’chirsalarda, yana minglab Alisherlar voyaga yetishiga ishonadi.